Iqtisodiy protsessual kodeksi 320-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ajrim chiqarilgan sana va joy; 2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari; 3) taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi); 4) ustidan shikoyat qilinayotgan sud hujjatlari; 5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni; 6) taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish sabablari. Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilganda shikoyat va unga ilova qilingan hujjatlar sudda qoladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki uning oʻrinbosari taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi sudyaning ajrimiga qoʻshilmaslikka hamda taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxsning arizasi asosida uni bekor qilish va ish bilan birga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqida ajrim chiqarishga haqli. Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat qilish uchun belgilangan muddat doirasida berilishi mumkin. Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan ariza koʻrib chiqilmaydi.