Taftish tartibidagi shikoyat (protest) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari tomonidan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) koʻrib chiqish uchun oʻtkazilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay koʻrib chiqilishi kerak. Alohida hollarda taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish muddati ishni koʻrayotgan sudlov hayʼati tomonidan koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan taftish tartibidagi protest Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga kelib tushgan kundan eʼtiboran ikki oydan kechiktirmay koʻrib chiqilishi kerak.