Iqtisodiy protsessual kodeksi 324-7-modda. Ishni taftish tartibida koʻradigan sudning vakolatlari

Ishni taftish tartibida koʻradigan sud taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha: 1) hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) hal qiluv qarorini, qarorni toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga; 3) ushbu Kodeks 302-moddasi beshinchi qismining 3 va 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun sud hujjati bekor qilingan apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga; 4) hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgartirishga; 5) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud daʼvoni toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirishga; 6) ayrim sud hujjatlarini bekor qilishga va ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga; 7) ushbu Kodeks 302-moddasi beshinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga haqli. Sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinmaganligi yoki notoʻgʻri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda qarorning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu Kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanishi koʻrsatiladi.