Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha sud qaror qabul qiladi, qaror ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi. Ishni taftish tartibida koʻrgan sudning qarorida quyidagilar koʻrsatiladi: 1) qarorni qabul qilgan sudning nomi va tarkibi, sud majlisining kotibi; 2) ishning raqami, qaror qabul qilingan sana va joy; 3) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning protsessual holati; 4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek ular vakillarining va sud protsessi boshqa ishtirokchilarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi); 5) shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) sud hujjatlari mazmunining qisqacha bayoni; 6) shikoyatda (protestda) keltirilgan sud hujjatlarining qonuniyligini va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida talab bildirilishiga doir asoslar; 7) shikoyat (protest) yuzasidan yozma fikrda bayon qilingan vajlar; 8) ishda ishtirok etuvchi va sud majlisida hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari; 9) sud tomonidan aniqlangan ish holatlari; 10) ishni koʻrgan sudning oʻz xulosalariga kelishiga sabab boʻlgan vajlar, sud amal qilgan qonunlarga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga havola; 11) shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha sud xulosalari; 12) agar ish yangidan koʻrish uchun yuborilayotgan boʻlsa, sud tomonidan bajarilishi kerak boʻlgan harakatlar. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarori Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati majlisida raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi. Ishni taftish tartibida koʻrgan sudning qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarori yakuniy hisoblanadi va uning ustidan shikoyat qilinmaydi (protest keltirilmaydi).