Ijro varaqasida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ijro hujjatini bergan sudning nomi; 2) ijro varaqasi berilgan ish va uning raqami; 3) ijro etilishi lozim boʻlgan sud hujjati qabul qilingan sana; 4) undiruvchi va qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi, undiruvchining va qarzdor jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek undiruvchining va qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami; 5) sud hujjatining xulosa qismi; 6) ijro varaqasini ijro etish tartibi va usuli, agar bu haqda sud hujjatida koʻrsatilgan boʻlsa; 7) sud hujjati kuchga kirgan sana; 8) ijro hujjati berilgan sana va uni ijroga taqdim etish muddati. Sud hujjatiga asosan beriladigan ijro varaqasi sudyaning elektron raqamli imzosidan foydalangan holda rasmiylashtiriladi va QR-kod (matritsali shtrixli kod) bilan tasdiqlanadi. Bunda sud hujjati asosida beriladigan ijro varaqasi Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ijro etilishi lozim boʻlsa, u sudning muhri va sudyaning imzosi bilan tasdiqlangan holda qogʻoz shaklida berilishi (yuborilishi, taqdim etilishi) mumkin.