Iqtisodiy protsessual kodeksi 39-modda. Ishni bir suddan boshqasiga oʻtkazish

Sud tomonidan sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya etilgan holda oʻz ish yurituviga qabul qilib olingan ish, garchi keyinchalik boshqa sudning sudloviga tegishli boʻlib qolsa ham, oʻzi tomonidan mazmunan koʻrilishi kerak. Sud ishni quyidagi hollarda boshqa sudga oʻtkazadi, agar: 1) ish sudlovga tegishlilik qoidalarini buzgan holda qabul qilinganligi ishni shu sudda koʻrish chogʻida maʼlum boʻlsa; 2) bir yoki bir nechta sudya rad qilinganidan keyin ularni mazkur sudda almashtirish mumkin boʻlmay qolsa, shuningdek ishni ushbu sudda koʻrish mumkin boʻlmay qolgan boshqa hollarda. Ishni boshqa sudda koʻrishga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Bir suddan boshqa sudga yuborilgan ish u yuborilgan sudda koʻrish uchun qabul qilib olinishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy sudlar oʻrtasida sudlovga tegishlilik toʻgʻrisida nizolarga yoʻl qoʻyilmaydi.