Sudning nizoni toʻgʻri hal etishi uchun ahamiyatga ega maʼlumotlar va holatlardan xabardor har qanday shaxs guvoh boʻlishi mumkin. Quyidagilar guvoh sifatida chaqirilishi va soʻroq qilinishi mumkin emas: fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy ish boʻyicha vakillar yoki jinoyat ishi boʻyicha himoyachilar, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha advokatlar, mediatorlar — vakil, himoyachi, advokat yoki mediator vazifalarini bajarishi munosabati bilan oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan holatlar toʻgʻrisida; arbitrlar, arbitraj tarkibi tomonidan tayinlangan ekspertlar, arbitraj muassasasining xodimlari, hakamlik sudyalari — arbitraj yoki hakamlik muhokamasi davomida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan holatlar toʻgʻrisida; jismoniy nuqsonlari yoki ruhiy holatining buzilganligi sababli faktlarni toʻgʻri idrok qilishga yoki ular haqida toʻgʻri koʻrsatuvlar berishga layoqatsiz shaxslar.