Kompleks ekspertiza ish uchun ahamiyatga molik holatlarni turli ilm sohalaridan foydalangan holda bir nechta tekshirish oʻtkazish yoʻli bilangina aniqlash mumkin boʻlgan hollarda tayinlanadi. Kompleks ekspertizani oʻtkazishda ekspertlarning har biri oʻz vakolati doirasida tekshirishlar olib boradi. Kompleks ekspertizaning xulosasida ekspertlarning har biri qaysi tekshirishlarni va qancha hajmda olib borganligi, qaysi faktlarni shaxsan oʻzi aniqlaganligi hamda qanday xulosalarga kelganligi koʻrsatiladi. Ekspertlarning har biri xulosaning ushbu tekshirishlar bayon etilgan qismini imzolaydi va ular uchun javobgar boʻladi. Umumiy xulosa (xulosalar) olingan natijalarni baholashga va ushbu xulosani (xulosalarni) shakllantirishga vakolatli boʻlgan ekspertlar tomonidan chiqariladi. Agar ekspertlar komissiyasi yakuniy xulosasining yoki uning bir qismining asosi ekspertlardan biri (alohida ekspertlar) tomonidan aniqlangan faktlardan iborat boʻlsa, bu haqda xulosada koʻrsatilishi lozim. Ekspertlar oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar boʻyicha alohida xulosa beradi. Agar kompleks ekspertizani oʻtkazish davlat sud-ekspertiza muassasasiga yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga topshirilgan boʻlsa, ekspertizani tashkil etish uning rahbari zimmasiga yuklatiladi.