Quyidagilar daʼvoni taʼminlash choralari boʻlishi mumkin: 1) javobgarga tegishli mol-mulkni yoki pul mablagʻlarini xatlab qoʻyish; 2) javobgarga muayyan harakatlarni bajarishni taqiqlash; 3) boshqa shaxslarga nizo predmetiga aloqador boʻlgan muayyan harakatlarni bajarishni taqiqlash; 4) daʼvogar nizolashayotgan, undirish soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjati yoki boshqa hujjat boʻyicha undirishni toʻxtatib turish; 5) mol-mulkni xatlashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilgan taqdirda, mol-mulkni realizatsiya qilishni toʻxtatib turish; 6) nizoli mol-mulk buzilishining, holati yomonlashishining oldini olish maqsadida javobgarning zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish majburiyatini yuklatish; 7) nizoli mol-mulkni uchinchi shaxsga (saqlovchiga) oʻtkazish. Sud daʼvoni taʼminlash boʻyicha boshqa choralarni koʻrishi mumkin, shuningdek daʼvoni taʼminlash boʻyicha bir vaqtning oʻzida bir nechta chora koʻrilishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash choralari bildirilgan talabga mutanosib boʻlishi kerak. Daʼvoni taʼminlash choralari koʻrilayotganda sud javobgarga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararning oʻrnini javobgarning iltimosnomasiga koʻra qoplashni taʼminlash choralarini koʻrishga haqli.