Daʼvoni taʼminlashning bir turini boshqasi bilan almashtirishga yoʻl qoʻyiladi. Daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish ishni koʻrayotgan sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra amalga oshirilishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish toʻgʻrisidagi masala sud majlisida hal etiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Ammo ularning kelmaganligi daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish haqidagi yoki almashtirishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Shikoyat (protest) berilishi ajrimning ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi. Pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi daʼvoni taʼminlashda javobgar daʼvoni taʼminlash boʻyicha belgilangan choralarni qoʻllash oʻrniga sudning depozit hisobvaragʻiga daʼvogar talab qilayotgan summani oʻtkazib qoʻyishga haqli.