Iqtisodiy protsessual kodeksi 99-modda. Daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish

Daʼvoni taʼminlash choralari ishni koʻrayotgan sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra bekor qilinishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masala sud majlisida hal qilinadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Biroq ularning kelmaganligi daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Ajrimning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u chiqarilgan kundan keyingi kundan kechiktirmasdan yuboriladi. Daʼvo qanoatlantirilgan taqdirda, daʼvoni taʼminlash choralari sud hujjati amalda ijro etilguniga qadar oʻz kuchini saqlaydi. Daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan, daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan, ish yuritish tugatilgan hollarda, daʼvoni taʼminlash choralari tegishli sud hujjati qonuniy kuchga kirguniga qadar oʻz kuchini saqlaydi. Biroq sud koʻrsatilgan sud hujjatlarini qabul qilish bilan bir vaqtda yoki ular qabul qilinganidan keyin daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish haqida ajrim chiqarishi mumkin. Hakamlik sudining daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqidagi hal qiluv qarori daʼvoni taʼminlash choralari iqtisodiy sud tomonidan bekor qilinishi uchun asos boʻladi. Daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqidagi arbitrajning hal qiluv qarori taʼminlash choralarini iqtisodiy sud tomonidan bekor qilish uchun asos boʻladi. Daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.