Jinoyat-ijroiya kodeksi 10-modda. Yuridik yordam olish huquqini taʼminlash

Mahkumlar advokatlardan malakali yuridik yordam olish huquqiga ega. Jazoni va jinoyat-huquqiy taʼsir koʻrsatishning boshqa choralarini ijro etuvchi muassasalar hamda organlarning vakolatli mansabdor shaxsi sudning hukmlari, ajrimlari va qarorlarini qayta koʻrib chiqishda, shuningdek ularni ijro etish bilan bogʻliq masalalarni hal qilishda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishtirok etishini davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan mahkumning iltimosiga koʻra taʼminlash choralarini koʻrishi shart. Boshqa hollarda mahkum davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida koʻrsatilgan maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qilishi mumkin. Yuridik yordam olish uchun advokatlar bilan xoli uchrashuvlar mahkumlarga ularning arizasiga yoki advokatning iltimosnomasiga koʻra beriladi. Advokat bilan uchrashuvni mahkumning oʻzi rad etganligi sababli advokatning mahkum yuridik yordam olishi uchun u bilan uchrashuv berilishi toʻgʻrisidagi iltimosnomasini qanoatlantirish rad etilganligi advokat mahkum bilan xoli suhbatlashganidan keyin tasdiqlanishi kerak, bu haqda bayonnoma tuzilib, u mahkum, advokat va jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining vakili tomonidan imzolanadi. Mahkumlarning advokatlar bilan uchrashuvlari ushbu Kodeksda belgilangan uchrashuvlar soni hisobiga kirmaydi, bunday uchrashuvlar soni va muddati cheklanmaydi. Yuridik yordam koʻrsatilayotganda advokat quyidagi huquqlarga ega: jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining, prokurorning, sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat berish; jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatidan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni soʻrab olish. Mahkumlarning advokatlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.