Jinoyat-ijroiya kodeksi 100-modda. Mahkumlarning umumiy oʻrta taʼlimi

Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning umumiy oʻrta taʼlimi tashkil etiladi. Muassasa maʼmuriyati mahkumlarga ular taʼlim olishi va mustaqil taʼlim olishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda sharoitlar yaratadi hamda zarur koʻmak koʻrsatadi. Yoshi oʻttizdan oshgan mahkumlar, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar xohishlariga koʻra taʼlim olishga jalb etiladilar. Mahkumlarning oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida taʼlim olishiga yoʻl qoʻyilmaydi, manzil-koloniyalardagi mahkumlar bundan mustasno boʻlib, ular oʻquv yurtlarining sirtqi boʻlimlarida taʼlim olishlari mumkin. Oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan mahkumlar imtihonlarni topshirish uchun qonunchilikka muvofiq ishdan ozod qilinadi. Mahkumlarning umumiy oʻrta taʼlimini tashkil etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.