Jinoyat-ijroiya kodeksi 112-modda. Saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi

Jazoni oʻtash tartibini kamida ikki marta qoʻpol tarzda buzgan va buning uchun intizomiy boʻlinmaga kiritib qoʻyish tariqasidagi jazoga tortilgan mahkum, agar har bir intizomiy jazo belgilangan tartibda olib tashlanmagan yoki bekor boʻlmagan boʻlsa, saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb hisoblanadi. Jazoni ijro etish muassasasi hududini yoki maʼmuriyat yoʻllanmasi bilan boʻlishi kerak boʻlgan boshqa joyni oʻzboshimchalik bilan oʻn ikki soatdan koʻproq muhlat mobaynida tashlab ketgan mahkum ham manzil-koloniyada saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topiladi. Saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi yengillashtirilgan saqlash sharoitiga, manzil-koloniyaga oʻtkazilmaydi, shuningdek jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish hamda jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga taqdim etilmaydi.