Manzil-koloniyalarda mahkumlar: soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadilar; ertalab oʻrindan turishdan kechki yotishgacha boʻlgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadilar; agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan taʼlim taqozo etsa, maʼmuriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari mumkin; fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradilar; pul va qimmatli buyumlarni saqlashi, ulardan cheklanmagan miqdorda foydalanishi mumkin; ishdan boʻsh vaqtda cheklanmagan miqdorda telefon orqali soʻzlashishlari, posilka, yoʻqlov va banderollar olishlari hamda joʻnatishlari mumkin; oʻz shaxsiy mablagʻlari hisobiga xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlaridan va yoʻqlovlardagi mahsulotlardan mustaqil ravishda ovqat tayyorlashni amalga oshiradi. Mahkumlar cheklanmagan miqdorda qisqa muddatli uchrashuvlar, yil mobaynida yigirma toʻrt marta uzoq muddatli uchrashuv va yigirma toʻrt marta masofali video-uchrashuv olish huquqiga ega. Uchrashuvlar, qoida tariqasida, ishdan boʻsh vaqtda beriladi. Manzil-koloniya hududida uzoq muddatli uchrashuv oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa, uchrashuv mahkumning arizasiga binoan manzil-koloniya hududidan tashqarida, ushbu koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida oʻtkazilishi mumkin. Mahkumlar xonalarga boʻlingan yotoqxonalarda yashaydilar. Saqlash rejimini buzmagan, oilasi bor mahkumlarga muassasa boshligʻi qaroriga binoan manzil-koloniya hududida yoki manzil-koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida oilasi bilan alohida yashashga ruxsat berilishi mumkin. Bunday shaxslar ichki tartib qoidalarida belgilab qoʻyilgan tartibda roʻyxatdan oʻtish uchun hozir boʻlishlari shart. Manzil-koloniya maʼmuriyatining vakili mahkumlar yashayotgan joyga sutkaning istalgan vaqtida kirishi mumkin. Manzil-koloniya hududidan tashqarida yashash huquqi Jinoyat kodeksi 73-moddasi toʻrtinchi qismining “ v ” va “g” bandlarida koʻrsatilgan mahkumlarga berilmaydi.