Tarbiya koloniyalarida mahkumlar umumiy turar joylarda yashaydilar. Mahkumlar belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 87,9 foizigacha boʻlgan summaga oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olishlari mumkin. Tarbiya koloniyalarida mahkumlar yil mobaynida: yigirma toʻrt marta qisqa muddatli va sakkiz marta uzoq muddatli uchrashuv; yigirma toʻrt marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv; oʻn ikkita posilka yoki yoʻqlov; oʻn ikkita banderol olish huquqiga ega. Voyaga yetmagan mahkumlarga ota-onasi va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va tarbiya koloniyalarida qoldirilgan mahkumlarga voyaga yetmagan mahkumlar uchun belgilangan normalarda ovqat, ust-bosh, moddiy-maishiy taʼminot va boshqa jazo oʻtash sharoitlari tatbiq etiladi. Bu shaxslarning mehnat sharoitlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.