Jinoyat-ijroiya kodeksi 130-modda. Mahkuma homilador ayollar va bolasi bor ayollar uchun qoʻshimcha huquqlar

Mahkuma homilador ayollar va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar ushbu Kodeksda mahkumlar uchun nazarda tutilgan huquqlardan tashqari: muassasa hududi doirasidan tashqarida yashash; bolalarini jazoni ijro etish koloniyalari qoshidagi bolalar uyiga joylashtirish; bolalarini joylashtirib kelish va ular bilan uchrashish uchun muassasa doirasidan chetga chiqish huquqiga ham ega. Mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida toʻrt marta, muddati besh sutkagacha boʻlgan uzoq muddatli uchrashuv, manzil-koloniyada saqlanayotganlarga esa, ishdan boʻsh vaqtda muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi. Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan bolalari bilan uchrashishiga oʻzining shaxsini, qarindoshligini yoki vasiyligini (homiyligini) tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim etgan taqdirda bitta yaqin qarindoshi yoki vasiy (homiy) kuzatuvida yoʻl qoʻyiladi. Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan bolalari bilan uchrashuvlari ushbu Kodeksda belgilangan uchrashuvlarga qoʻshib hisoblanmaydi. Mahkuma ayollarning muassasadan tashqaridagi bolalar uylaridagi voyaga yetmagan bolalar bilan uchrashuvlari mahkuma ayollarning iltimosiga koʻra amalga oshiriladi.