Umrbod ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar maxsus saqlash sharoitlariga ega boʻlgan maxsus tartibli koloniyalarda saqlanadilar. Ularga nisbatan ushbu bobda nazarda tutilgan xususiyatlar hisobga olingan holda maxsus tartibli koloniyalar tartibi tatbiq etiladi. Umrbod ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar kameralarga koʻpi bilan ikki kishidan joylashtiriladilar. Mahkumlarning iltimosiga koʻra yoki zarurat taqozo etganda ular bir kishilik kameralarda saqlanishlari mumkin. Umrbod ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar jazoni qattiq, odatdagi va yengillashtirilgan saqlash sharoitlarida oʻtaydilar. Umrbod ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar jazoning dastlabki oʻn yilini qattiq saqlash sharoitlarida oʻtaydilar. Jazoning kamida oʻn yilini oʻtagan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan umrbod ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar qattiq saqlash sharoitlaridan odatdagi saqlash sharoitlariga oʻtkazilishlari mumkin. Jazoning kamida oʻn besh yilini oʻtagan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan umrbod ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar odatdagi saqlash sharoitlaridan yengillashtirilgan saqlash sharoitlariga oʻtkazilishlari mumkin.