Jinoyat-ijroiya kodeksi 137-modda. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtash shartlari

Umrbod ozodlikdan mahrum qilingan bitta mahkumga toʻgʻri keladigan yashash maydoni normasi toʻrt kvadrat metrdan kam boʻlishi mumkin emas. Umrbod ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni qattiq saqlash sharoitlarida oʻtayotgan mahkumlar oʻz shaxsiy hisobvaragʻida mavjud boʻlgan mablagʻlardan belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizigacha boʻlgan summaga har oyda oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish, yil mobaynida bir marta qisqa muddatli uchrashuv, bir marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv, bitta posilka yoki yoʻqlov, bitta banderol olish huquqiga ega. Umrbod ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni odatdagi saqlash sharoitlarida oʻtayotgan mahkumlar oʻz shaxsiy hisobvaragʻida mavjud boʻlgan mablagʻlardan qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 35,2 foizigacha miqdordagi summaga har oyda oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish, yil mobaynida bir marta uzoq muddatli va bir marta qisqa muddatli uchrashuv, ikki marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv, ikkita posilka yoki yoʻqlov, ikkita banderol olish huquqiga ega. Umrbod ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni yengillashtirilgan saqlash sharoitlarida oʻtayotgan mahkumlar oʻz shaxsiy hisobvaragʻida mavjud boʻlgan mablagʻlardan belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 52,7 foizigacha miqdordagi summaga har oyda oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish, yil mobaynida bir marta uzoq muddatli va ikki marta qisqa muddatli uchrashuv, uch marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv, uchta posilka yoki yoʻqlov, uchta banderol olish huquqiga ega. Umrbod ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar, saqlash sharoitlaridan qatʼi nazar, har kuni bir yarim soatgacha sayr qilish huquqiga ega.