Shartli hukm qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat ichki ishlar organlari, harbiy xizmatchilarga nisbatan esa — ular xizmatni oʻtayotgan joydagi harbiy qismlar (muassasalar) qoʻmondonligi tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari: ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan — sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy muassasalari tomonidan; alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yoʻliqqan yoxud ruhiy holati aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda buzilgan mahkumlarga nisbatan — sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy muassasalari tomonidan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganda esa, jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami koʻrsatish boʻlimlarida hamda mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan shifoxonada. Voyaga yetmaganlarga nisbatan majburlov choralari: jabrlanuvchidan uzr soʻrash, yetkazilgan zararni toʻlash yoki bartaraf etish majburiyatini yuklash — sud tomonidan; maxsus oʻquv-tarbiya muassasasiga joylashtirish — xalq taʼlimi organlari tomonidan ijro etiladi.
4-BOB. JAZOLARNI VA BOSHQA JINOYAT-HUQUQIY TAʼSIR CHORALARINI IJRO ETUVCHI MUASSASALAR VA ORGANLAR FAOLIYATINI TEKSHIRISH HAMDA NAZORAT QILISH