Jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, shuningdek jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish sud tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksining 536-moddasida belgilangan tartibda qoʻllaniladi. Mahkum jazo muddatining Jinoyat kodeksi 73 , 74 , 89 va 90-moddalarida belgilangan qismini oʻtab boʻlganidan soʻng bir oylik muddat ichida jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ maʼmuriyati uni jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirishga taqdim etish masalasini agar mahkum yoki uning advokati tegishli iltimosnoma bilan sudga bevosita murojaat etmagan boʻlsa koʻrib chiqishi hamda taqdim qilish yoki rad etish haqida qaror chiqarishi shart. Maʼmuriyat mahkumni jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilishga yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga taqdim etishni rad etgan taqdirda mahkum yoki uning advokati sudga tegishli iltimosnoma bilan murojaat etishga haqli. Mahkumni jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishga yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga taqdim etish masalasini maʼmuriyat tomonidan qayta koʻrib chiqish jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining yoki jazoni ijro etuvchi organning jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishni yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni rad etish haqidagi qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach, basharti mahkum tuzalish yoʻliga oʻtgan boʻlsa, amalga oshiriladi. Muayyan huquqdan mahrum etish tariqasidagi jazodan ozod qilish jamoat birlashmasi, jamoa, mahkumning oʻzi yoki uning himoyachisi iltimosnomasiga binoan sud tomonidan amalga oshiriladi. Sud jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni rad etgan taqdirda, bu haqda ajrim chiqqan kundan boshlab kamida olti oy oʻtganidan keyin taqdimnoma takroran kiritilishi yoki iltimosnoma takroran berilishi mumkin.