Jinoyat-ijroiya kodeksi 169-modda. Hisob-kitob tartibi, hujjatlarni va shaxsiy buyumlarni berish

Axloq tuzatish ishlari muddati tugayotgan kuni probatsiya boʻlinmasi jazoni oʻtagan shaxsni va u ishlayotgan korxona, muassasa yoki tashkilot maʼmuriyatini ish haqidan chegirib qolishni tugatish va boshqa cheklashlarni olib tashlash toʻgʻrisida xabardor qiladi. Jazoni ijro etish muassasasi ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ozod etilayotganda ular bilan toʻla hisob-kitob qiladi, ularning shaxsiy hujjatlari, buyumlari va boshqa qimmatli narsalarini, shuningdek shaxsiy hisobvaraqlarida turgan pullarini qaytarib beradi hamda jazoni oʻtab boʻlganlik yoki jazodan ozod qilinganlik toʻgʻrisida belgilangan namunada maʼlumotnoma beradi. Sil kasalligiga duchor boʻlgan shaxslarning ozod qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarga belgilangan namunadagi shtamp qoʻyiladi.