Jinoyat-ijroiya kodeksi 186-modda. Ruhiy kasalliklar shifoxonalarida bemorlarni saqlash sharoitlari

Ruhiy kasalliklar shifoxonalarida bemorlar kasallik turi, xulq-atvorining xususiyati, ruhiy va jismoniy holatini inobatga olib, ularni batamom ajratib qoʻyishni taʼminlovchi hamda ular tomonidan yangi ijtimoiy-xavfli qilmish sodir etish, qochish, saqlash rejimini buzish ehtimolining oldini olishni taʼminlaydigan sharoiti bor palatalarga joylashtiriladi. Erkaklar va ayollar, kattalar va voyaga yetmagan shaxslar alohida-alohida saqlanadi. Bir bemorga toʻgʻri keladigan foydali maydon normasi besh kvadrat metrdan kam boʻlishi mumkin emas. Bemorlarga ovqat va kasalxona kiyimi bepul beriladi. Bemorlarni ovqat va ust-bosh bilan taʼminlash normalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Posilka, yoʻqlov, banderol va pul joʻnatmalari olish hamda yuborish, uchrashuvlar oʻtkazish, oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olish, saqlash, shuningdek bemorlarga har kuni beriladigan sayr tartibi ichki tartib qoidalari bilan belgilanadi. Ruhiy kasalliklar shifoxonalarida bemorlarga uzoq muddatli uchrashuv berilmaydi. Bemor nomiga kelib tushgan pullar uning shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni bemorlar pul oʻtkazish yoʻli bilan sotib oladilar.