Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo ijrosi mahkumning yashash joyidagi ichki ishlar organlarining probatsiya boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladi. Mahkum doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan taqdirda hukmning ijrosi hukm chiqarilgan joydagi probatsiya boʻlinmasi zimmasiga yuklanadi. Axloq tuzatish ishlari korxonalarda, muassasalarda va tashkilotlarda oʻtaladi. Jazoni oʻz ish joyida oʻtash sharti bilan axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslar sudlangunga qadar oʻzlari ishlagan korxona, muassasa yoki tashkilotda mehnat faoliyatini davom ettiraveradilar. Jazoni boshqa joylarda oʻtash sharti bilan axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslar probatsiya boʻlinmasi belgilab beradigan korxona, muassasa va tashkilotlarga yuboriladi. Voyaga yetmagan mahkumlar yashash joyidagi korxona, muassasa va tashkilotlarga yuboriladi.