Jinoyat-ijroiya kodeksi 54-modda. Mahkumlarni jazoni oʻtash uchun joʻnatish

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar tergov hibsxonasining maʼmuriyati hukm qonuniy kuchga kirganligi toʻgʻrisida sud xabarnomasini olgan kundan boshlab oʻn kunlik muddat ichida jazoni oʻtash uchun joʻnatiladi. Ushbu muddat davomida mahkum: qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan bir marta qisqa muddatli uchrashish; oʻz shaxsiy mablagʻlari hisobidan toʻlanadigan, oʻn besh daqiqa davom etadigan bir marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashish huquqiga ega. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar sud hukmi bilan belgilangan rejimning turiga muvofiq jazoni ijro etish muassasalariga joʻnatiladi. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni joʻnatish ushbu Kodeksning 58-moddasi talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi. Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga joʻnatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.