Jinoyat-ijroiya kodeksi 56-modda. Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalariga qabul qilish tartibi

Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalariga qabul qilish muassasa maʼmuriyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi belgilagan tartibda amalga oshiriladi. Muassasaga yetib kelgan mahkumlar ularning shaxsini oʻrganish va sharoitga moslashib olishlari uchun oʻn besh sutkagacha muddatga, odatda, qabul boʻlimiga joylashtiriladi, manzil-koloniyaga kelgan hamda xoʻjalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun tergov hibsxonalari va turmalarda qoldirilgan shaxslar bundan mustasno. Muassasaga yetib kelganlaridan soʻng mahkumlarga jazoni oʻtash tartibi va shartlari toʻgʻrisida kerakli axborot beriladi, shuningdek ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntiriladi.