Mahkumning ovqat yeyishni rad etganligi fakti aniqlanganda muassasa boshligʻi yoxud uning oʻrnini bosuvchi shaxs bu haqda zudlik bilan prokurorni xabardor qiladi. Ovqat yeyishni rad etadigan mahkum imkon qadar boshqa mahkumlardan alohida saqlanadi va tibbiyot xodimining kuzatuvi ostida boʻladi. Ovqat yeyishni rad etgan mahkumning sogʻligʻini saqlab turishga qaratilgan majburlov yoʻsinidagi (sunʼiy va majburiy ovqatlantirish tarzidagi) choralar, agar uning hayotiga yoki sogʻligʻiga xavf tahdid solsa, shifokorning yozma xulosasi asosida hamda tibbiyot xodimi hozirligida amalga oshiriladi. Mahkumning ovqat yeyishni rad etganligi uni boshqa jazoni ijro etish muassasalariga oʻtkazishga yoxud tergov harakatlarida va sud majlislarida ishtirok etish uchun boshqa yerga koʻchirishga toʻsqinlik qilmaydi. Zarur hollarda, mahkumni boshqa yerga koʻchirish tibbiyot xodimi kuzatuvida amalga oshiriladi. Mahkumlar ovqat yeyishni rad etganda qoʻllaniladigan majburlov yoʻsinidagi choralarni qoʻllash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.