Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga qisqa muddatli va uzoq muddatli uchrashuv huquqi beriladi. Mahkumlar qarindoshlari bilan yoki muassasa boshligʻining ruxsatiga asosan boshqa shaxslar bilan muddati toʻrt soatgacha boʻlgan qisqa muddatli uchrashuv olishi mumkin. Mahkumlarga yaqin qarindoshlari (er, xotin, ota-onalar, bolalar, oʻgʻil (qiz) qilib olgan shaxslar, oʻgʻil (qiz) qilib olingan shaxslar, aka-ukalar, opa-singillar, buvalar, buvilar, nevaralar) bilan uzoq muddatli uchrashuv muassasa hududida yoki, ushbu Kodeksning 114 va 130-moddalarida nazarda tutilgan hollarda, muassasa hududidan tashqarida ular bilan birga yashash huquqi bilan beriladi. Uzoq muddatli uchrashuv muddati quyidagicha belgilanadi: muassasa hududida — bir sutkadan uch sutkagacha, muassasa hududidan tashqarida esa — uch sutkadan besh sutkagacha. Qisqa muddatli va uzoq muddatli uchrashuv miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Yuqumli kasalliklarga chalingan va statsionar davolanishda boʻlgan mahkumlarga uchrashuvlar shifokor ruxsati bilan beriladi. Uchrashuv uchun berilgan vaqt mobaynida mahkumlar ishdan ozod etib qoʻyiladi, ana shu kunlar uchun ularga ish haqi yozilmaydi. Mahkumning iltimosiga koʻra uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali soʻzlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali soʻzlashuvga almashtiriladi. Mahkumlar uchun masofali video-uchrashuvlar jazoni ijro etish muassasasi va organi tomonidan tashkil etiladi. Masofali video-uchrashuv himoyalangan aloqa kanallari orqali videokonferensiya tizimi vositasida amalga oshiriladi. Uchrashuvlarni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.