Mahkumlar, ushbu Kodeks va boshqa qonunlarda belgilangan istisno hamda cheklashlar inobatga olingan holda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan huquqlar, erkinliklarga ega boʻladilar va majburiyatlarni bajaradilar. Mahkum ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan huquqlar, erkinliklarga ega boʻlishlari va majburiyatlarni bajarishlari mumkin. Mahkumlarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlarining qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Mahkumlarning huquqlari va majburiyatlari muayyan jazo turini ijro etish tartibi va shartlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.