Jinoyat-ijroiya kodeksi 97-modda. Mahkumlar bilan tarbiyaviy ish olib borish

Tarbiyaviy ish ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni axloqan tuzatishning asosiy vositalaridan biri boʻlib, mahkumlarda qonun talablariga va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor qoidalariga rioya etishga, shuningdek bilim va madaniy saviyasini oshirishga intilishni shakllantirishga qaratilgan. Jazoni ijro etish muassasalarida maʼnaviy, huquqiy, jismoniy va boshqa tarbiya olib boriladi. Tarbiyaviy ish yakka tartibda, guruh bilan va ommaviy shaklda olib boriladi. Tarbiyaviy ish tabaqalashtirish asosida, muassasa turini, jazo muddatini va saqlash sharoitini, shuningdek mahkum shaxsining xususiyatlarini hisobga olgan holda tashkil etiladi. Mahkumlar bilan tarbiyaviy ish olib borishda matbuot, radio, televideniye, kinofilmlardan, kutubxona va boshqa vositalardan foydalaniladi. Jazoni ijro etish muassasalari adabiyotlar bilan, shu jumladan mahkumlarda toʻgʻri maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblar bilan taʼminlanishi shart. Tarbiyaviy ishlar bosqichma-bosqich ravishda quyidagicha amalga oshiriladi: ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga kelgan vaqtda uning psixologik qiyofasini, tuzalish yoʻliga oʻtishga moyilligini aniqlagan holda uni dastlabki tarzda oʻrganish; ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ongini oʻzgartirish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish, ularda sodir etgan jinoyatidan pushaymon boʻlish hissini uygʻotish; ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning talab mavjud boʻlgan kasblar va mutaxassisliklarga oid kasbiy taʼlimini tashkil etish, oʻqishni tugallaganidan soʻng tegishli hujjat berish hamda ularni keyinchalik ishga joylashtirish.