Jinoyat kodeksi 111-modda. Ehtiyotsizlik orqasida badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazish

Ehtiyotsizlik orqasida badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Ehtiyotsizlik orqasida badanga ogʻir shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Ehtiyotsizlik orqasida ikki yoki undan ortiq shaxs badaniga oʻrtacha ogʻir yoki badanga ogʻir shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari bilan jazolanadi.