Jinoyat kodeksi 121-modda. Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish

Xizmat, moddiy yoki boshqa jihatdan aybdorga qaram boʻlgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga majbur etish, — uch yuz soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat ogʻir oqibatlarga olib kelsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat jinsiy aloqada boʻlish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan harakat: a) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan; b) yaqin qarindoshiga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan; v) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118 , 119 , 128 va (yoki) 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan; g) ogʻir oqibatlarga olib kelsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.