Jinoyat kodeksi 125-1-modda. Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.