Jinoyat kodeksi 127-1-modda. Tilanchilik qilish

Aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bogʻlarida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, koʻchalarda, stadionlarda, bekatlarda, yoʻllarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda soʻrab, tilanchilik bilan shugʻullanish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi boʻlgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar boʻlmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga taʼsir koʻrsatuvchi moddalarni majburan isteʼmol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab; v) boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilishga majburlagan holda sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.