Jinoyat kodeksi 133-modda. Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish hamda transplantatsiya qilish shartlarini va (yoki) tartibini buzish

Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish hamda transplantatsiya qilishning belgilangan shartlarini va (yoki) tartibini buzish, bundan ushbu Kodeksning 115¹ , 133¹ , 133²-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno, xuddi shuningdek vafot etgan odamning aʼzolarini yoki toʻqimalarini u tirikligida uning roziligini olmay turib, ilmiy yoki taʼlim maqsadlarida buzilmaydigan holda saqlash (konservatsiya) uchun olish, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) gʻarazli yoki boshqacha past niyatlarda; b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; g) shaxs tomonidan oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa. uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.