Jinoyat kodeksi 135-modda. Odam savdosi

Odam savdosi, yaʼni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan; b) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan; v) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan; g) aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram boʻlgan shaxsga nisbatan; d) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; e) xizmat mavqeyidan foydalangan holda; j) jabrlanuvchini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib oʻtgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda; z) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qoʻygan, yashirgan yoxud yoʻq qilib yuborgan holda; i) inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish maqsadida; k) fohishalik bilan shugʻullanishga jalb etish maqsadida sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) oʻgʻirlash, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qoʻllash orqali sodir etilgan boʻlsa; b) oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa; v) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud ushbu Kodeksning 137-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan; g) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa; d) jabrlanuvchining oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa; e) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.