Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini taʼminlamaganlik yoki murojaat munosabati bilan maʼlum boʻlib qolgan jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, xuddi shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni boshqacha tarzda buzish jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila aʼzolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila aʼzolarini ular davlat organiga, davlat muassasasiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun, xuddi shuningdek boshqacha shaklda tanqid qilganligi uchun mansabdor shaxs tomonidan taʼqib etish, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.