Asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning eʼtiboriga yetkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining nusxalarida ularni tayyorlovchilar haqida, ularni ishlab chiqarish joylari toʻgʻrisida, shuningdek mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolgʻon axborotni koʻrsatish koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) takroran; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) xizmat mavqeyidan foydalangan holda; g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib; d) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi. Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.