Terrorizm — xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzish, xavfsizligiga putur yetkazish, urush va qurolli mojarolar chiqarish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, aholini qoʻrqitish maqsadida davlat organini, xalqaro tashkilotni, ularning mansabdor shaxslarini, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron bir faoliyatni amalga oshirishga yoki amalga oshirishdan tiyilishga majbur qilish uchun zoʻrlik, kuch ishlatish, shaxs yoki mol-mulkka xavf tugʻdiruvchi boshqa qilmishlar yoxud ularni amalga oshirish tahdidi — sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Vaziyatni beqarorlashtirish yoki davlat organlari tomonidan qaror qabul qilinishiga taʼsir koʻrsatish yoxud siyosiy yoki boshqa ijtimoiy faoliyatga toʻsqinlik qilish maqsadida davlat yoki jamoat arbobi yoxud hokimiyat vakilining davlat yoki jamoatchilik faoliyati munosabati bilan uning hayotiga suiqasd qilish yoki uning badaniga shikast yetkazish — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) odam oʻlishiga; b) boshqa ogʻir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlsa, — oʻn besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi. Terrorizmni tayyorlashda ishtirok etgan shaxs, agar u hokimiyat organlariga oʻz vaqtida xabar berish yoki boshqa usul bilan ogʻir oqibatlar yuzaga kelishining hamda terrorchilar maqsadlari amalga oshirilishining oldini olishga faol koʻmaklashgan boʻlsa, basharti bu shaxsning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.