Jinoyat kodeksi 159-modda. Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda oʻzgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qoʻyilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq daʼvat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Hokimiyat konstitutsiyaviy organlarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki ularni Konstitutsiyada nazarda tutilmagan parallel hokimiyat tuzilmalari bilan almashtirishga qaratilgan zoʻravonlik harakatlari, shuningdek, davlat hokimiyati vakolatli organlarining Oʻzbekiston Konstitutsiyasida nazarda tutilmagan tartibda tuzilgan hokimiyat tuzilmalarini tarqatib yuborish toʻgʻrisidagi qarorlarini belgilangan muddatda bajarmaslik — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlagan holda sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Hokimiyatni bosib olish yoki Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini agʻdarib tashlash maqsadida fitna uyushtirish — oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Fitna toʻgʻrisida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar bergan shaxs, basharti, koʻrilgan choralar natijasida fitnaning oldi olingan boʻlsa, jazodan ozod qilinadi.