Bosqinchilik, yaʼni oʻzganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayot yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatib yoxud shunday zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bosqinchilik: a) qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan boshqa narsalarni ishlatib; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) ancha miqdordagi mulkni talon-toroj qilish bilan bogʻliq holda sodir etilgan boʻlsa, — sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bosqinchilik: a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 242-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan; b) koʻp miqdorda; v) uy-joyga, omborxona yoki boshqa binolarga gʻayriqonuniy ravishda kirgan holda; g) badanga ogʻir shikast yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bosqinchilik: a) juda koʻp miqdorda; b) oʻta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.