Jinoyat kodeksi 173-modda. Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish

Oʻzganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ancha miqdorni tashkil etsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) millatlararo yoki irqiy adovat yoxud diniy taassublar zamirida; b) atrofdagilar uchun xavfli usulda; v) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsning yoki uning yaqin qarindoshlarining mulkiga nisbatan; b) uyushgan guruh va uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.