Jinoyat kodeksi 175-modda. Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish

Naf keltirmasligi ayon boʻlgan bitimni tuzish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ilgari foydalanilgan, jisman ishlatib boʻlingan, maʼnaviy eskirgan yoki zamon talablariga javob bermaydigan asbob-uskunani yoxud texnologiyalarni olib kirishga, shuningdek ularni oʻrnatish va joriy etishga olib kelgan bitimni tuzish, respublika manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yetkazgan boʻlsa, xuddi shuningdek bunday bitim tuzilishiga sabab boʻlgan ekspert xulosasini yoki boshqa hujjatni vakolatli davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi tomonidan berish — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) takroran; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — sakkiz yildan oʻn ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda shaxs jazodan ozod etiladi.