Oʻtkazish maqsadida qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalar, shuningdek, qimmatli qogʻozlar yoxud chet el valyutasi yoki chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar yasash yoki ularni oʻtkazish — ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) koʻp miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.