Jinoyat kodeksi 192-5-modda. Litsenziyalash toʻgʻrisidagi qonunchilikni va ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish

Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berishning belgilangan tartibi hamda muddatlarini buzish, shu jumladan litsenziyalarning va ruxsat berish tartib-taomillarining yangi turlarini qonunga xilof ravishda joriy etish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.