Pora olish, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan oʻzi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor boʻlishi, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Pora olish: a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 211 yoki 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan; b) koʻp miqdorda; v) tamagirlik yoʻli bilan; g) bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Pora olish: a) juda koʻp miqdorda; b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.