Jinoyat kodeksi 216-2-modda. Diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish

Nolegal diniy faoliyat bilan shugʻullanish, diniy tashkilotlar rahbarlarining mazkur tashkilotlar ustavini roʻyxatdan oʻtkazishdan bosh tortishi, ruhoniylar va diniy tashkilotlar aʼzolari tomonidan bolalar va oʻsmirlarning maxsus yigʻilishlari, shuningdek diniy marosimga aloqasi boʻlmagan mehnat, adabiyot va boshqa xildagi toʻgaraklar hamda guruhlarni tashkil etish va oʻtkazish, shunday qilmishlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa,— bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bir konfessiyaga mansub dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm) va boshqa missionerlik faoliyati, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa,— bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.