Jinoyat kodeksi 249-modda. Qurolni va uning oʻq-dorilarini saqlash, olib yurish, tashish qoidalarini buzish

Oʻqotar qurolni va uning oʻq-dorilarini, shuningdek pnevmatik qurolni, tigʻli sovuq qurolni (ov pichoqlarini, ov xanjarchalari va xanjarlarni, rapiralar, shpagalar va qilichlarni), uloqtirish qurolini (kamonlar, arbaletlar va nayzalarni), signal beruvchi qurolni saqlash, olib yurish, tashish qoidalarini buzish odamning oʻlimiga yoxud boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.