Jinoyat kodeksi 276-4-modda. Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallash

Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni oʻgʻrilik yoki firibgarlik yoʻli bilan qonunga xilof ravishda egallash, — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) oʻzlashtirish, rastrata qilish yoki mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan; g) talonchilik yoʻli bilan; d) tamagirlik yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) bosqinchilik yoʻli bilan; b) koʻp miqdorda; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.