Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan boʻlsa, sud tomonidan jazodan ozod qilinishi mumkin. Boshqa shaxslar bilan birgalikda jinoyat sodir etishda ishtirok qilgan yoki uyushgan guruh yoxud jinoiy uyushma aʼzosi boʻlgan shaxs, agar u aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatning oldini olish, jinoyatni ochish yoki uning tashkilotchilarini yoxud boshqa ishtirokchilarini aniqlash va fosh qilishga yordam bergan boʻlsa, basharti u ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda bevosita ishtirok etmagan boʻlsa, sud tomonidan jazodan ozod qilinishi mumkin. Ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida alohida koʻrsatilgan hollarda, jinoyat sodir etgan shaxs oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlgan taqdirda sud tomonidan jazodan ozod qilinishi lozim.